Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida koʻrsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.