Jinoyat-protsessual kodeksi 121-2-modda. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish uchun asoslar

Guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy daʼvogarni) obyektiv sabablarga koʻra (Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan ogʻir va davomli kasallik mavjudligi) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chogʻida keyinchalik soʻroq qilish mumkin boʻlmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollarda, ularning koʻrsatuvlari oldindan mustahkamlab qoʻyilishi mumkin. Koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish zarur boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi va uni zarur materiallar bilan birga prokurorga yuboradi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), guvoh va himoyachi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida prokurorga murojaat qiladi. Prokuror koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorning yoxud murojaatning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni yoki murojaatni surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga yuboradi. Iltimosnomaga koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlab qoʻyish zarurligini tasdiqlovchi jinoyat ishi materiallarining koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.