Jinoyat-protsessual kodeksi 135-modda. Koʻzdan kechirish uchun asoslar

Jinoyat izlari, ashyoviy dalillarni topish, hodisa sodir boʻlgan vaziyatni va ish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni aniqlashtirish maqsadida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hodisa sodir boʻlgan joyni, murdani, hayvonlarni, tevarak-atrofni, binolarni, narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni koʻzdan kechiradi. Odam badanini koʻzdan kechirish guvohlantirish yoki ekspertiza oʻtkazish qoidalariga asoslangan holda (ushbu Kodeksning 142 — 147 va 172 — 187-moddalari ) amalga oshiriladi. Pochta-telegraf joʻnatmalarini koʻzdan kechirish ushbu Kodeksning 167-moddasida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi. Narsalarni olib qoʻyish va tintuv oʻtkazish chogʻida topilgan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar shu tergov harakatlarini oʻtkazish uchun belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda koʻzdan kechirilishi lozim.