Jinoyat-protsessual kodeksi 167-modda. Pochta-telegraf joʻnatmalarini koʻzdan kechirish va olib qoʻyish

Surishtiruvchi yoki tergovchi aloqa muassasasiga borib, ushlab turilgan pochta-telegraf joʻnatmalarini xolislar ishtirokida, zarurat boʻlganda esa tegishli mutaxassis ishtirokida ochadi va koʻzdan kechiradi. Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlar, narsalar, hujjatlar, elektron maʼlumotlar topilgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi tegishli pochta-telegraf joʻnatmalarini olib qoʻyadi yoxud ulardan nusxa koʻchirish bilan chegaralanadi. Koʻzdan kechirilgan joʻnatmalarda ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlar, narsalar, hujjatlar, elektron maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi koʻzdan kechirilgan xat-xabarni egasiga yetkazish toʻgʻrisida yoki uni oʻzi belgilagan muddatgacha ushlab turish haqida koʻrsatma beradi. Ushlangan joʻnatmalar koʻzdan kechirilgan har bir holda bayonnoma tuzilib, unda qaysi pochta-telegraf joʻnatmalari koʻzdan kechirilganligi, nimalar olinganligi va nimalar egalariga yuborilishi, nimalar esa vaqtincha ushlab qolinishi kerakligi, qaysi joʻnatmalardan nusxalar olinganligi koʻrsatilishi lozim. Bayonnoma ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tuziladi.