Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi ishtirok etadi. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, keyin taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.