Jinoyat-protsessual kodeksi 217-modda. Protsessual majburlov chorasi qoʻllanilgani haqida xabar qilish

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki ekspertiza oʻtkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qoʻllaganida shaxsga nisbatan qoʻllanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida darhol oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud oʻqish joyiga maʼlum qilishi shart. Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamogʻiga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi boʻlsa, bu haqda darhol Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart. Xabarnomaning koʻchirma nusxasi ishga ilova qilinadi.