Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin. Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual majburlov chorasini qoʻllash zaruratini asoslab beradi. Soʻngra ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.