Jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek ularning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlariga oʻldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yoʻq qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki oʻzga gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinayotir deyish uchun yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bu shaxslarning hayoti, salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini koʻrishlari shart. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlovchi barcha zarur choralarni koʻrish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqlidir. Ichki ishlar organi xavf tahdid solayotgan shaxslarga doir jinoyat ishidagi mavjud maʼlumotlardan, bu xavfning ehtimol tutilgan xususiyati, manbalari, joyi, vaqti va boshqa holatlaridan xabardor etilishi lozim. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan shaxslarni himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini qoʻllash asoslari va tartibi qonun bilan belgilanadi.