Surishtiruvchi yoki tergovchi mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalari talablariga rioya qilgan holda ikki nafardan kam boʻlmagan xolislar ishtirokida bayonnoma tuzadi. Bayonnomada xatlangan barcha mol-mulkning nomi, oʻlchovi, ogʻirligi, eskirish darajasi va boshqa oʻziga xos belgilari sanab oʻtilib, mol-mulkni xatlayotgan shaxsning harakatlari toʻgʻrisidagi va bayonnomaga kiritilgan mol-mulkning uchinchi shaxslarga tegishliligi haqidagi arzlar bayon etiladi. Mol-mulk olib qoʻyilgan taqdirda aynan nimaning olinganligi va qayerga yoki kimga saqlash uchun topshirilganligi bayonnomada koʻrsatiladi. Mol-mulkni xatlash chogʻida uni yashirish, yoʻq qilib yuborish yoki shikastlashga urinishlar qilingan boʻlsa, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan qoʻllangan choralar koʻrsatilib, bayonnomada aks ettirilishi lozim.