Surishtiruv boʻlinmasining boshligʻi va uning oʻrinbosari oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlarni ochish va ularning oldini olish yuzasidan surishtiruvchilarning oʻz vaqtida harakat qilishini nazorat etadilar, jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruvni toʻla, har tomonlama va xolisona olib borish choralarini koʻradilar. Surishtiruv boʻlinmasi boshligʻi va uning oʻrinbosari ishlarni tekshirib koʻrishga, surishtiruvchiga surishtiruv yuritish, shaxsni ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish, jinoyatni tavsif qilish va ayblovning hajmi, ishning yoʻnalishini belgilash, ayrim tergov harakatlarini oʻtkazish haqida koʻrsatmalar berishga, ishni bir surishtiruvchidan ikkinchi surishtiruvchiga olib berishga, ishni tergov qilishni bir necha surishtiruvchiga topshirishga, shuningdek surishtiruvchi vakolatlaridan foydalanib, surishtiruv yuritishda qatnashishga va surishtiruvni shaxsan oʻzi olib borishga haqlidir. Surishtiruv boʻlinmasi boshligʻining va uning oʻrinbosarining ish yuzasidan koʻrsatmalari surishtiruvchiga yozma tarzda beriladi va ularning ijro etilishi majburiydir. Olingan koʻrsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilinishi, ushbu Kodeks 38¹-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ularning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.