Jinoyat-protsessual kodeksi 497-26-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari

Apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) hukmni oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini, protestini esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; 2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 5) hukmni bekor qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida; 6) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida; 7) hukmni oʻzgartirish toʻgʻrisida; 8) shikoyat, protest qaytarib olingan hollarda, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida , 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi. Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya hukmini chiqaradi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473-moddasi qoidalariga koʻra amalga oshiriladi.