Jinoyat-protsessual kodeksi 518-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga taftish tartibida shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) berilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish

Hukm, ajrim chiqargan sud taftish tartibida shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) berilishi toʻgʻrisida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakillarini, prokurorni, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini, agar shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, uch sutka ichida xabardor qiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning (xususiy shikoyatning, xususiy protestning) koʻchirma nusxalari yuboriladi yoxud hukmni, ajrimni chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga (xususiy shikoyatga, xususiy protestga) doir eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi, eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi. Taraflar taftish tartibida beriladigan shikoyatga, protestga (xususiy shikoyatga, xususiy protestga) doir eʼtiroz bilan birga yangi materiallarni alohida taqdim etishga yoki ularni talab qilib olish va tekshirish, shuningdek oʻzi koʻrsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va soʻroq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.