Taftish tartibida berilgan shikoyat (xususiy shikoyat) unga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur boʻlgan hollarda esa jinoyat ishi talab qilib olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan oʻrganib chiqiladi. Shikoyatni (xususiy shikoyatni) oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi oʻz ajrimi bilan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisida; 2) shikoyatni (xususiy shikoyatni) ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida. Taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat) bergan shaxsga qabul qilingan qaror haqida uch sutka ichida xabar qilinadi.