Jinoyat-protsessual kodeksi 521-14-modda. Jinoyat ishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrib chiqish uchun tayyorlash

Jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) bilan birga kelib tushganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish tartibida shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) berilganligi toʻgʻrisida mahkumni, oqlangan shaxsni, uning himoyachisini, qonuniy vakilini, prokurorni, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini, agar shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, ishni koʻrib chiqish boshlanishidan kamida uch sutka oldin xabardor qiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning (xususiy shikoyatning, xususiy protestning) koʻchirma nusxasi yuboriladi yoxud taftish instansiyasi sudining internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabar qilinadi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga (xususiy shikoyatga, xususiy protestga) doir oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etish huquqi, eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablar bajarilganidan keyin mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi, qonuniy vakili, prokuror, jabrlanuvchi, uning vakili, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari, agar shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, ish taftish tartibida koʻriladigan vaqt haqida ishni koʻrib chiqish boshlanishidan kamida uch sutka oldin xabardor qilinadi.