Jinoyat-protsessual kodeksi 536-modda. Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish tartibi

Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalarida nazarda tutilgan hollarda jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining taqdimnomasiga yoki mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga binoan sudya tomonidan qoʻllaniladi. Intizomiy qismda jazoni oʻtayotganlarga nisbatan ana shu choralar intizomiy qism qoʻmondonligining taqdimnomasiga yoki mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga binoan sudya tomonidan qoʻllaniladi. Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish oʻn sakkiz yoshga toʻlmay jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati va bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning birgalikdagi taqdimnomasiga binoan yoxud mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga asosan sudya tomonidan qoʻllaniladi. Muayyan huquqdan mahrum etish tarzidagi jazodan ozod qilish jamoat birlashmasi, jamoa, mahkumning oʻzi yoki uning himoyachisining iltimosnomasiga binoan sudya tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu masalalar toʻgʻrisidagi taqdimnomalar yoki iltimosnomalar ularni rad etish toʻgʻrisida qaror chiqqan kundan boshlab kamida olti oy oʻtgach, qayta koʻrib chiqilishi mumkin.