Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamogʻi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻlganda va unga besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin boʻlgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb eʼlon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda boʻlishini boshqa ehtiyot choralari taʼminlay olmaydigan taqdirda qoʻllanilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi masalani koʻrib chiqishda prokuror ish materiallari bilan shaxsan tanishib chiqishi, iltimosnomaning asosliligini tekshirishi, hodisaning favquloddaligiga ishonch hosil qilishi va ayblanuvchini ushbu ehtiyot chorasini qoʻllash bilan bogʻliq holatlar boʻyicha soʻroq qilishi shart. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qoʻllanilgan voyaga yetmagan shaxslar katta yoshdagilardan, shuningdek voyaga yetmagan mahkumlardan alohida saqlanishi lozim.