Jinoyat-protsessual kodeksi 570-modda. Shaxsning tergov va sud harakatlarini yuritishdagi ishtiroki

Oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanishi toʻgʻrisida ish yuritilayotgan shaxs sogʻaysa yoki unda beqaror remissiya holati yuz bersa va shu tufayli soʻroqlarda toʻgʻri koʻrsatuv bera olsa hamda boshqa tergov va sud harakatlarida ishtirok eta olsa, surishtiruvchi, tergovchi va sud bu shaxsga tergov qilishda va sud muhokamasida qatnashish hamda oʻzini himoya qilish huquqini amalga oshirish imkonini berishi lozim. Oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllash toʻgʻrisida ish yuritilayotgan shaxs: unga qanday ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlik uchun ayb qoʻyilayotganini bilishga; koʻrsatuv berishga; dalillar taqdim qilishga; iltimoslar qilishga; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamomlanganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqishga; himoyachiga ega boʻlishga; sud muhokamasida qatnashishga; rad qilishga; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyat qilishga haqlidir. Surishtiruvchi, tergovchi tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash ishini yuritishni boshlash va sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlash toʻgʻrisidagi qarorni eʼlon qilganda mazkur shaxsga ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlarini tushuntirib beradi. Huquqlar tushuntirilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi. Mazkur shaxs alohida tergov va sud harakatlarini yuritish vaqtida ushbu Kodeksdagi ayblanuvchi va sudlanuvchilar uchun belgilangan huquqlarga ham ega.