Jinoyat-protsessual kodeksi 586-5-modda. Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvning mazmuni

Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: kelishuv tuzilgan sana va joy; kelishuv tuzayotgan prokuror toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; kelishuv tuzayotgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, boshqa maʼlumotlari, himoyachi haqidagi maʼlumotlar; jinoyat sodir etilgan joy va vaqtning, shuningdek isbotlanishi lozim boʻlgan boshqa holatlarning tavsifi; Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi, qismi, bandi; gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar, aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha jazo tayinlash tartibi; sodir etilgan jinoyatni fosh etish, jinoyat ishi boʻyicha dalillarni taqdim etish, jinoiy yoʻl bilan orttirilgan mol-mulkni aniqlash boʻyicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuv imzolanganidan keyin bajarishni oʻz zimmasiga oladigan harakatlar; yetkazilgan zararning miqdori va uning oʻrni qoplanishi; ushbu Kodeks 586³-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni bajarmaganlik oqibatlari. Agar ish boʻyicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida bir necha shaxs jalb etilgan boʻlsa, aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv har bir gumon qilinuvchi, ayblanuvchi bilan alohida-alohida tuziladi. Kelishuv prokuror, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi tomonidan imzolanadi. Kelishuv imzolanguniga qadar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuv tuzish masalasini va uning oqibatlarini himoyachi bilan xoli qolib va maxfiy holda muhokama qilish huquqiga ega.