Qonuniy vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligidan xabardor boʻlish; oʻzi vakillik qilayotgan qamoqdagi shaxs bilan xoli uchrashish; oʻzi vakillik qilayotgan shaxs ushbu Kodeksga muvofiq ega boʻlgan protsessual huquqlarni amalga oshirish huquqiga ega. Qonuniy vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan oʻtkaziladigan protsessual harakatlarda ishtirok etishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning chaqiruvlariga binoan hozir boʻlishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar orqali toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Qonuniy vakil guvoh sifatida soʻroq qilinishi, shuningdek himoyachi, fuqaroviy daʼvogar yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Bunday hollarda qonuniy vakil yuqorida aytib oʻtilgan protsess ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi.