Maʼlumotlar va narsalardan, ular tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etilganidan keyingina dalil sifatida foydalanish mumkin. Bayonnomalar yuritish uchun masʼuliyat surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi va tergovchi, sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi zimmasiga yuklatiladi. Bayonnomalarga: tergov yoki sud harakatining ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bu shaxslarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgani; tergov yoki sud harakatining oʻtkazilish joyi va vaqti, shart-sharoitlari, jarayoni va natijalari, bunda topilgan moddiy obyektlar tavsifi va ularning ish uchun ahamiyatli boʻlgan belgilari; tergov harakatlari yoki sud muhokamasi ishtirokchilari tasdiqlashni soʻragan faktlar; ularning yuz berayotgan hodisa sabablari xususidagi koʻrsatuvlari, tushuntirishlari, mulohazalari; ular tomonidan berilgan iltimosnomalar, shikoyatlar, rad etishlar; tergov harakatini olib borish yoki sud muhokamasi jarayonidagi tartibbuzarlik hollari, shuningdek bu tartibbuzarliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun koʻrilgan chora-tadbirlar kiritiladi.