Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni oʻz vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin. Murojaatga u boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Murojaat taalluqliligi boʻyicha boshqa davlat organiga yuborilganda, unga koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak.