Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat: maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, roʻyxatga olish, ruxsat etish va litsenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish; davlat organlarining nazorat-tekshiruv vazifalarini maqbullashtirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tizimini takomillashtirish, ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yoʻl qoʻymaslik; davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning masofaviy shakllarini keng joriy etish; tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va insofsiz raqobatga yoʻl qoʻymaslik; davlat xaridlarining samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish, davlat xaridlarini joylashtirishda oshkoralik, shaffoflikni taʼminlash hamda raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlash; taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, kommunal xizmat koʻrsatish sohasida va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa sohalarida aholi uchun adolatli shart-sharoitlarni hamda teng imkoniyatlarni yaratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik; nodavlat tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish. Qonunchilikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.