Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ushbu Qonunning amal qilishi: intellektual mulk obyektlaridan foydalanish, shuningdek kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing toʻgʻrisidagi shartnoma) asosida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati; tadbirkorlik subyektlarini, bitimlarni, huquqlarni va mol-mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda hisobga qoʻyish; akkreditatsiya qilish, sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish; davlat ekologik ekspertizasi; atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat; ushbu Qonunning 2-ilovasida koʻrsatilmagan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni jismoniy shaxslarga berish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu Qonunning 1 , 2 va 3-ilovalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Qonunning 1 , 2 va 3-ilovalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Qonunning 1-ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.