Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 31-modda. Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni oʻzgartirish

Litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar litsenziatning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsning arizasi asosida vakolatli organ tomonidan quyidagi hollarda oʻzgartirilishi mumkin: litsenziya asosida amalga oshirilayotgan faoliyat turi litsenziyalanadigan faoliyat turining boshqa kichik turi bilan kengaytirilganda; filiallar va vakolatxonalar tashkil etgan yuridik shaxslarga berilgan litsenziyaga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga muvofiq ushbu filiallar va vakolatxonalar tomonidan faoliyatni amalga oshirish boshlanganda; yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining faoliyatni amalga oshirish manzili oʻzgarganda, agar uning joylashgan yeriga nisbatan litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlari belgilangan boʻlsa. Litsenziyalarga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarga oʻzgartishlar kiritish litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Litsenziya oʻzgartirilgan taqdirda davlat boji, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat oʻzgartirilganda esa yigʻim tegishincha litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik uchun toʻlanadigan summaning ellik foizi miqdorida undiriladi.