Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablar va shartlar xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatning (harakatlarning) har bir turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda va pasportlarda koʻrsatiladi. Xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda va pasportlarda quyidagi talablar hamda shartlar koʻrsatiladi: pasportlarda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilishi shartligi hamda ularni bajarish boʻyicha majburiyatni oʻz zimmasiga olish; faoliyatni boshlash haqidagi xabarnomada (bundan buyon matnda xabarnoma deb yuritiladi) koʻrsatilgan axborotning ishonchliligini taʼminlash; xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalari tuzilganligi, shartnomalarga oʻzgartishlar kiritilganligi va ular tugatilganligi hollarini, shuningdek amaldagi mehnat shartnomalari toʻgʻrisidagi axborotni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish — tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun xodimlarga nisbatan shunday talab mavjud boʻlgan taqdirda; xabardor qiluvchining nomi, joylashgan yeri (yashash manzili) oʻzgarganligi roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng yoki filial va vakolatxona ochilganidan soʻng vakolatli organni oʻn ish kuni ichida xabardor qilish; xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar) turining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa talablar va shartlar. Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablar va shartlarni muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol buzilishi hollarining roʻyxati pasportlarda belgilanadi.