Xabarnoma quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan qabul qilinmaydi: notoʻgʻri yoki yolgʻon axborot kiritilganligi maxsus elektron tizim vositasida aniqlanganda; xabarnoma yuborganlik uchun yigʻim toʻlanmaganda; faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun belgilangan talablar va shartlarga rioya etilganligi hamda ular bajarilganligi tasdiqlanmaganda; agar xabardor qiluvchi avval xabarnomalar reyestriga ayni oʻsha faoliyat (harakatlar) boʻyicha kiritilgan boʻlsa va uning faoliyati (harakatlari) amal qilayotgan boʻlsa; vakolatli organ yoki sud tomonidan xabardor qiluvchining faoliyati (harakatlari) muayyan muddatga toʻxtatib turilganda; xabardor qiluvchi tomonidan tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish sudning qaroriga asosan taqiqlanganda. Ushbu moddada koʻrsatilgan hollardan tashqari boshqa asoslar boʻyicha xabarnomani qabul qilmaslik taqiqlanadi.