Litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: maxsus elektron tizim vositasida litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan masofaviy nazorat (bundan buyon matnda masofaviy nazorat deb yuritiladi); litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishini asoslar mavjud boʻlgan taqdirda va qonunchilikda belgilangan tartibda joyga chiqqan holda tekshirish; litsenziatlarning, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslarning, xabardor qiluvchilarning faoliyati bilan bogʻliq statistik axborotni hamda ulardan soʻrab olinadigan maʼlumotlarni tahlil qilish. Ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari va shartlari bilan bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni vakolatli organlar tomonidan tahlil qilish, tekshirish hamda ularni litsenziatlardan, faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslardan, xabardor qiluvchilardan soʻrab olish taqiqlanadi. Vakolatli organlarga litsenziatlar, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslar, xabardor qiluvchilar faoliyatini nazorat qilish bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazish chogʻida tegishli pasportlarda nazarda tutilmagan talablar va shartlarning bajarilishini tekshirishga yoki ulardan ushbu shartlar va talablarning bajarilishini talab qilish taqiqlanadi. Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlarining buzilishlari aniqlangan taqdirda bu haqda vakolatli organlarga xabar beradi.