Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati faoliyatining iqtisodiy asosini tashkil etuvchi mulk shakllari

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi faoliyatining iqtisodiy asosini maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning davlat mulki (kommunal mulk) hamda viloyat, tuman va shaharda mavjud boʻlib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga xizmat qiluvchi boshqa mulk tashkil etadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi mutloq Oʻzbekiston Respublikasi mulkida boʻlgan davlat mulki obyektlariga nisbatan ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni samarali joylashtirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshiradilar. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat inspeksiyasining xulosasiga koʻra yaroqsiz deb topilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini buzib tashlash toʻgʻrisida qonunda belgilangan tartibda qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Viloyat, tuman, shahar mulkini, shuningdek viloyat, tuman va shaharga xoʻjalik yuritish uchun berilgan davlat mulki obyektlarini boshqarish tartibi ushbu Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan yoʻlga solinadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, viloyat, tuman, shahar hokimi oʻzlari idora qilayotgan hududdagi mulkchilikning turli shakliga asoslangan korxonalar uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilmagan, tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyatini erkin yuritishga toʻsqinlik qiladigan cheklovlarni joriy etishga haqli emaslar.