Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 144-modda. Transportda chiptasiz yurish

Yoʻlovchining transportda chiptasiz yurishi, oʻn yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolalarni chiptasiz olib yurish: a) shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarda, — bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi, b) mahalliy va uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarda, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarda, mahalliy va uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarda besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarni chiptasiz olib yurish — bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Yoʻlovchilarning samolyotda chiptasiz yurishi — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Shaharlararo qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Yoʻlovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.