Tovarlar va transport vositalarini deklaratsiyalash tartibini buzish, yaʼni deklaratsiyalash shakli, joyi va uni amalga oshirish taomili haqidagi belgilangan talablarga rioya etmaslik, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Bojxona organiga tovarlar va transport vositalari uchun bojxona deklaratsiyasini, xuddi shuningdek hujjatlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.