Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 245-2-modda. Adliya organlari

Adliya organlariga ushbu Kodeksning 215⁵-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir. Adliya organlari nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga va jarima tariqasidagi maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga quyidagilar haqli: Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri va uning oʻrinbosarlari; Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlari departamenti boshligʻi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri va uning oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari. Ushbu Kodeksning 175⁹ , 197⁸ , 198³ , 198⁴ , 239 , 239¹-moddalarida , 239²-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, adliya organlarining mansabdor shaxslari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma koʻrib chiqish uchun ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi.