Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 324-8-modda. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish tartibi

Birinchi instansiya sudining maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻriladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish qoidalariga binoan koʻrib chiqadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish apellyatsiya instansiyasida koʻrilayotganda sud majlisi ish boʻyicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini maʼlum qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini, hozir boʻlganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, berilgan iltimosnomalarni hal qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni apellyatsiya tartibida koʻrish uchun monelik qilmaydi. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruza davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlari, birinchi instansiya sudi qarorining mazmuni, apellyatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi. Maʼruzadan keyin sud majlisida hozir boʻlgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Apellyatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud agar prokuro