Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 136-modda. Ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, ariza (shikoyat)dan voz kechish

Arizachi ishni birinchi instansiya sudida koʻrish chogʻida ishning mazmunan koʻrilishi yakuni boʻyicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga haqli. Arizachi ishni har qanday instansiya sudida koʻrishda ishni koʻrish yakuni boʻyicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar ariza (shikoyat)dan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli. Sud ariza (shikoyat)ning asosi va predmeti bir vaqtda oʻzgartirilishini qabul qilmaydi. Sud, shuningdek ariza (shikoyat)dan voz kechishni, agar bu qonunchilikka zid boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, qabul qilmaydi. Bunday hollarda sud ishni mazmunan koʻradi. Ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini oʻzgartirishni, arizachining ariza (shikoyat)dan toʻliq yoki qisman voz kechishini qabul qilish haqida yoxud qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.