Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 156-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻida hal etiladigan masalalar

Hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻida sud: 1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning oʻz talablari va eʼtirozlarini asoslantirish uchun keltirgan dalillari va eʼtirozlariga baho beradi; 2) ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan qaysi holatlar aniqlanganligini va qaysilari aniqlanmaganligini belgilaydi; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qaysi qonunchilik hujjatlarini ushbu ish boʻyicha qoʻllash mumkin emasligini hal qiladi; 4) ushbu ish boʻyicha qaysi qonunchilik hujjatlarini qoʻllash zarurligini aniqlaydi; 5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanday huquq va majburiyatlari borligini belgilaydi; 6) talabni qanoatlantirish lozimligini yoki lozim emasligini hal qiladi. Zarur boʻlgan hollarda, sud dastlabki himoya choralarini saqlab qolish yoki bekor qilish, hal qiluv qarorining ijrosini taʼminlash, hal qiluv qarorini ijro etishning tartibi va muddati, dalillarning keyingi taqdiri; sud xarajatlarini taqsimlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni ham hal qiladi. Sud hal qiluv qarorini qabul qilishda dalillarni qoʻshimcha tekshirish yoki ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni aniqlashni davom ettirishni zarur deb topsa, sud muhokamasini yangidan boshlaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qoʻshimcha tekshirish ehtiyoji boʻlgan holatlar doirasida olib boriladi.