Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 164-modda. Yozuvdagi xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud yozuvda yoʻl qoʻyilgan xatolarni va arifmetik xatolarni hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirmagan holda, ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, sud hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi boʻyicha tuzatishga haqli. Yozuvdagi yoʻl qoʻyilgan xatolarni yoki arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini yoki sud hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud majlisida koʻriladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Yozuvdagi yoʻl qoʻyilgan xatolarni yoki arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda koʻrib chiqiladi. Yozuvdagi xatolarni, arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisida yoki tuzatishni rad etish haqida ajrim chiqariladi. Yozuvdagi xatolarni, arifmetik xatolarni tuzatish toʻgʻrisidagi yoki tuzatishni rad etish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

3-§. Hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi va uni ijroga qaratish tartibi