Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 219-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha: 1) hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; 3) hal qiluv qarorini oʻzgartirishga; 4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga; 5) ushbu Kodeks 220-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga haqli. Ushbu Kodeks 220-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda apellyatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻradi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrsatiladi. Sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi. Bu holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 115-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi toʻgʻrisida koʻrsatiladi.