Kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Oʻtkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra kassatsiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, basharti iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkin. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash yoki uni tiklashni rad etish haqida ajrim chiqariladi.