Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 253-modda. Taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) mazmuni

Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan taftish instansiyasi sudining nomi; 2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning joylashgan yeri (pochta manzili yoki yashash joyi); 3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini, qarorni qabul qilgan sudning nomi; 4) ishning raqami, hal qiluv qarori, qaror qabul qilingan sana; 5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shikoyat (protest) berayotgan shaxs sud hujjatini qonunlarga yoki boshqa qonunchilik hujjatlariga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilgan holda notoʻgʻri deb hisoblashiga oid asoslar; 6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida ustidan shikoyat qilinayotgan, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan uning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilishi kerak. Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Taftish tartibidagi shikoyat shikoyatni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Protest uni keltirgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.