Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 276-modda. Sud hujjatlarini ijroga qaratish

Sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach ijroga qaratiladi, bundan qonunchilikda belgilangan tartibda darhol ijro etish hollari mustasno. Sud hujjatining ijrosi hal qiluv qarori (qarori) asosida, pul mablagʻlarini majburiy undirish boʻyicha sud hujjatining ijrosi esa sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari, agar sud tomonidan boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, ular qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida maʼmuriy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilishi lozim. Maʼmuriy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar sud hujjati ijro etilganligi toʻgʻrisida sudni xabardor qilishi shart. Sud hujjati ijro etilmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda va miqdorda birinchi instansiya sudi tomonidan sud jarimasi solinadi hamda sud hujjatini ijro etish uchun bir oydan oshmaydigan takroriy muddat beriladi.