Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 55-modda. Mutaxassisning huquq va majburiyatlari

Mutaxassis sifatida chaqirilgan shaxs: qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; agar tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishni rad qilish; sudning ruxsati bilan protsessual harakat ishtirokchilariga savollar berish; protsessual harakat ishtirokchilarining eʼtiborini oʻzining dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda, ilmiy-texnika vositalarini qoʻllashda, ekspertiza tayinlash uchun materiallar tayyorlashda koʻmaklashish chogʻidagi harakatlari bilan bogʻliq holatlarga qaratish; oʻzi ishtirok etgan protsessual harakat bayonnomasi, shuningdek sud majlisi bayonnomasining tegishli qismi bilan tanishish va uning ishtirokida amalga oshirilgan harakatlarning kechishi hamda natijalari qayd qilinishining toʻliqligi va toʻgʻriligi xususida bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan arzlar va fikrlarni bildirish; agar ish yuritishda ishtirok etish uning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, protsessual harakatlarni amalga oshirishdagi ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanishi va bajargan ishi uchun pul mukofoti olish huquqiga ega. Mutaxassis sifatida jalb etilgan shaxs: sudning chaqiruvi boʻyicha kelishi; protsessual harakatlarni amalga oshirishda va sud muhokamasida maxsus bilim, koʻnikmalardan va ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda ishtirok etishi; maslahatlar berishi va oʻzi bajarayotgan harakatlar yuzasidan tushuntirishlar berishi; yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmasligi shart. Agar mutaxassis sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sudning chaqiruvi boʻyicha kelmasa, shuningdek maslahatlar (tushuntirishlar) berishni asossiz ravishda rad etsa, unga nisbatan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda jarima solinishi mumkin. Jarima solinishi mutaxassisni kelish va maslahatlar (tushuntirishlar) berish majburiyatidan ozod qilmaydi.