Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 6-modda. Maʼmuriy ish

Maʼmuriy ish ishda ishtirok etuvchi shaxslar va maʼmuriy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yoxud sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qogʻozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi. Maʼmuriy ish elektron shaklda shakllantirilishi mumkin. Maʼmuriy ish elektron shaklda shakllantirilgan hollarda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va maʼmuriy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari oʻzlarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hujjatlarni sudga elektron shaklda taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va maʼmuriy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qoʻshib qoʻyiladi, shundan soʻng yozma hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi. Maʼmuriy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining hamda alohida protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Elektron shakldagi maʼmuriy ishni boshqa maʼmuriy sudga yoki boshqa organga oʻtkazish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Elektron shaklda shakllantirilgan maʼmuriy ish qogʻozdagi koʻchirma nusxasiga ega boʻlishi mumkin.