Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 94-modda. Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza

Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza sudga ariza (shikoyat) bilan bir vaqtda yoki ish yuritish jarayonida berilishi mumkin. Dastlabki himoya toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) taraflarning nomlari (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) talab predmeti; 4) dastlabki himoya chorasini koʻrish zarurligining asoslantirilganligi; 5) arizachi koʻrishni soʻrayotgan dastlabki himoya chorasining turi; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin. Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan arizaga ishonchnoma yoki uning arizani imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi. Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi iltimosnoma arizada (shikoyatda) bayon etilishi mumkin. Agar dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi iltimosnoma arizada (shikoyatda) bayon etilsa, mazkur iltimosnomada ushbu modda ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.