Xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi oʻsha ish beruvchida qoʻshimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan oʻsha kasb (lavozim) boʻyicha yoki boshqa kasb (lavozim) boʻyicha ham qoʻshimcha ishni bajarish topshirilishi mumkin. Xodimga topshirilayotgan qoʻshimcha ish quyidagilar vositasida bajarilishi mumkin: xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan asosiy ishga nisbatan boshqa kasb (lavozim) boʻyicha qoʻshimcha ishni bajarayotgan hollarda bir necha kasbda (lavozimda) ishlash; xodim asosiy ishidagi ayni oʻsha kasb (lavozim) boʻyicha qoʻshimcha ishni bajarayotgan hollarda xizmat koʻrsatish doiralarini kengaytirish yoki ishlar hajmini koʻpaytirish; vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan, asosiy ishidagi ayni oʻsha kasb (lavozim) yoki boshqa kasb (lavozim) boʻyicha ishdan ozod etilmagan holda bajarish. Xodim ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha ishni qaysi muddat ichida bajaradigan boʻlsa, oʻsha muddat, uning mazmuni va hajmi ish beruvchi hamda xodim oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha belgilanadi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodim tomonidan qoʻshimcha ishni bajarish muayyan muddatga yoxud nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin. Xodimning zimmasiga vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni yuklatish vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning oʻrniga ishlash muddati bilan chegaralanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha ishning xodim tomonidan bajarilishi toʻgʻrisidagi kelishuvga mehnat shartnomasining taraflari xodimni ishga qabul qilishda yoki xodim tomonidan xuddi oʻsha ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida erishishi mumkin. Agar xodim tomonidan ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda