Mehnat kodeksi 305-modda. Komissiyaning huquq va majburiyatlari

Komissiya quyidagi huquqlarga ega: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlarga yozma shaklda tushuntirishlar taqdim etishni, shuningdek xizmat tekshiruvi masalalarining mohiyati yuzasidan boshqa axborotni maʼlum qilishni taklif etish; xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlanishi kerak boʻlgan holatlar haqida biror-bir maʼlumotdan xabardor boʻlishi mumkin boʻlgan xodimlarga ular yuzasidan yozma tushuntirishlar berishni taklif etish; agar xodimning ish joyida hozir boʻlishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlsa, xizmat tekshiruvi vaqtida xodimni ishdan chetlatish toʻgʻrisida ish beruvchiga takliflar kiritish; xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun muhim boʻlgan hujjatlar bilan tanishish va zarurat boʻlganda ularning koʻchirma nusxalarini xizmat tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyish; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim foydalanadigan xizmat va ishlab chiqarish xonalarini, shu jumladan uning ish joyini, joy uchastkalarini, omborlarni, stollarni, javonlarni, papkalarni va maxfiy axborotni tashuvchi jism mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa predmetlarni ish beruvchining roziligi bilan koʻzdan kechirishni amalga oshirish, shuningdek ish beruvchidagi maxfiy axborot mavjud boʻlgan barcha jismlarni hamda ularning kelib tushishi va harakatlanishini aks ettiruvchi hisobga olish hujjatlarini (hisobga olish daftarlari va jurnallarini) ish beruvchining roziligi bilan tekshirish; inventarizatsiya, taftish, audit oʻtkazish haqida iltimosnoma kiritish; ilmiy, texnikaviy va boshqa maxsus bilimlarni talab etadigan masalalar boʻyicha mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish hamda ulardan maslahat olish. Komissiya qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Komissiya: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning hamda xizmat tekshiruvida ishtirok etish uchun jalb qilingan boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya et