Ijro, fonogramma, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvi yoki eshittirishiga boʻlgan turdosh huquqlarning amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida hech qachon muhofaza berilmagan ijrolar, fonogrammalar va efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari ijtimoiy mulk hisoblanadi. Ijtimoiy mulk boʻlgan ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlaridan har qanday shaxs haq toʻlamagan holda erkin foydalanishi mumkin.