Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 58-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning huquqlari

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot oʻzi qaysi huquq egalarining nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, shu huquq egalarining nomidan va ulardan olingan vakolatlar asosida quyidagi huquqlarga ega boʻladi: toʻlanadigan haq miqdorini va shartnomalarning tuzilishiga doir boshqa shartlarni foydalanuvchilar bilan kelishib olish; bunday tashkilot boshqarayotgan huquqlardan foydalanish uchun foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzish; tashkilot toʻlanadigan haqni yigʻish bilan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda shartnoma tuzmasdan shugʻullangan taqdirda, bunday haq miqdorini foydalanuvchilar bilan kelishib olish; shartnomalarda nazarda tutilgan haqni va (yoki) ushbu qismning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan haqni yigʻish, taqsimlash va toʻlash; bunday tashkilot oʻzi boshqarayotgan huquqlarni himoya qilish uchun zarur boʻladigan har qanday yuridik harakatlarni bajarish; shunday tashkilot tomonidan belgilangan tartibda asarlarni va (yoki) turdosh huquqlar obyektlarini, shuningdek asarlarga va (yoki) turdosh huquqlar obyektlariga boʻlgan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatga olishni va (yoki) saqlashga topshirishni amalga oshirish. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.