Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 65-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish usullari

Muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli: huquqlarni tan olishini; huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni toʻxtatishini; huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning oʻrnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan boʻlsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam boʻlmagan miqdorda qoplashini; zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda toʻlanishi lozim boʻlgan tovonni toʻlashini; ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar koʻrishini. Muallif va ijrochi oʻz huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan maʼnaviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot mulkiy huquqlarini boshqarish shunday tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan shaxslarning buzilgan mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarini himoya qilib qonunda belgilangan tartibda oʻz nomidan ariza bilan sudga murojaat etishga haqlidir. Mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlar buzilishining oldini olish yoki uni toʻxtatish uchun zarur choralar koʻrish natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlar, shuningdek bunday choralarni amalga oshirgan shaxs koʻrgan zararlar huquqbuzar hisobidan undirib olinishi kerak.