Nodavlat notijorat tashkilotining taʼsis hujjatlari quyidagilardan iborat: muassislar (aʼzolar) tomonidan tasdiqlangan ustav; qatnashchilar tomonidan tuzilgan taʼsis shartnomasi va ular tasdiqlagan ustav — uyushma (ittifoq) uchun. Nodavlat notijorat tashkiloti taʼsis hujjatlarining talablari nodavlat notijorat tashkilotining oʻzi uchun, uning muassislari va qatnashchilari (aʼzolari) uchun majburiydir. Taʼsis shartnomasida taraflar (muassislar) nodavlat notijorat tashkilotlari uyushmasini (ittifoqini) tuzish majburiyatini oladilar, uni tuzish sohasida birgalikda faoliyat koʻrsatish tartibini, unga oʻz mol-mulkini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish, nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlarini belgilab beradilar. Taʼsis shartnomasiga muassislarning kelishuviga binoan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.