Nodavlat notijorat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika nodavlat notijorat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Hududiy nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari boʻlgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramogʻidagi oila aʼzolarini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi. Nodavlat notijorat tashkilotini roʻyxatga olgan organ uning faoliyati ustavda belgilangan maqsadlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiqligini nazorat qiladi.