Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida 27-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini ular manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilganidan va boshqa turdagi ekspertizalar amalga oshirilganidan soʻng oʻtkazadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini, shu jumladan ularda korrupsiya koʻrinishlarini, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlarni yuzaga keltiradigan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar bor-yoʻqligini aniqlash, shuningdek zarur boʻlgan normalarni bitta normativ-huquqiy hujjatda aks ettirgan hamda tegishli munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normalarni bekor qilgan holda, qonunchilikni kodifikatsiya qilish imkoniyati mavjudligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizasini oʻtkazadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining huquqiy ekspertizasini amalga oshirish jarayonida bu loyihalar ularning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi va ularda takrorlovchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining normalariga zid boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligini keyinchalik ularni bekor qilish uchun aniqlash nuqtai nazaridan baholanishi shart. Huquqiy ekspertiza yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan xulosa taqdim etiladi. Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.